Munitsipal va idoraviy uy-joy fondining uylaridagi turar joyni ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligi bilan hamda oʻzi bilan birga yashayotgan voyaga yetgan oila aʼzolarining, oʻzi bilan doimiy yashayotgan fuqarolarning roziligi bilan ushbu Kodeksda belgilangan hollarda va tartibda turar joyni ikkilamchi ijaraga berishga haqlidir. Ijaraga oluvchi oʻzi egallab turgan turar joyning bir qismini, vaqtincha koʻchib ketayotganda esa — barchasini (uning foydalanish huquqi saqlanadigan butun davr uchun) ikkilamchi ijaraga topshirishi mumkin, bunda ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga oluvchi ijaraga beruvchi oldida javobgar boʻlib qoladi. Ijaraga oluvchining turar joyida ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi asosida yashayotgan shaxslar ushbu turar joyga nisbatan mustaqil huquqqa ega boʻlmaydilar. Turar joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasining muddati turar joyni ijaraga berish shartnomasining muddatidan ortiq boʻlishi mumkin emas. Turar joyni ijaraga berish shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda u bilan bir vaqtda turar joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi ham bekor boʻladi. Yangi muddatga shartnoma tuzishga boʻlgan imtiyozli huquq toʻgʻrisidagi qoida turar joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga nisbatan tatbiq etilmaydi. Munitsipal va idoraviy uy-joy fondidagi uylarda turar joyni ikkilamchi ijaraga berish qoidalari qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi. Aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joylarni ikkilamchi ijaraga berishga yoʻl qoʻyilmaydi.