Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi ijaraga oluvchi, uning oila aʼzolari va u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar oʻzaro kelishuvga binoan va ijaraga beruvchini oldindan xabardor qilgan holda vaqtincha yashovchilarga (foydalanuvchilarga) turar joyda tekin yashab turishlari uchun ruxsat etishga haqlidirlar. Vaqtincha yashovchilarning yashab turish muddati olti oydan oshmasligi kerak. Vaqtincha yashovchilar turar joydan foydalanishda mustaqil huquqqa ega boʻlmaydilar. Ularning xatti-harakatlari uchun ijaraga beruvchi oldida ijaraga oluvchi javobgardir. Vaqtincha yashovchilar ular bilan kelishilgan yashab turish muddati oʻtganidan keyin, agarda bunday muddat kelishilmagan boʻlsa, ijaraga oluvchi, uning oila aʼzosi yoki u bilan doimiy yashayotgan fuqaro tomonidan tegishli talab qoʻyilgan kundan eʼtiboran koʻpi bilan yetti kun ichida turar joyni boʻshatishlari shart. Talab rad etilgan taqdirda vaqtincha yashovchilar sud tartibida boshqa turar joy bermasdan koʻchirilishlari lozim. Bir kishi hisobiga toʻgʻri keladigan uy-joy maydoni ijtimoiy normasi haqidagi qonunchilik talablariga rioya etilmasa, ijaraga beruvchi vaqtincha yashovchilarning yashab turishlarini taqiqlab qoʻyishi mumkin.