Uy-joy kodeksi 66-modda. Turar joyni ijaraga berish shartnomasini oʻzgartirish

Munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylaridagi turar joyni ijaraga berish shartnomasi faqat ijaraga oluvchi, uning voyaga yetgan oila aʼzolari, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar hamda ijaraga beruvchining roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin. Ijaraga oluvchi, uning voyaga yetgan oila aʼzolari va u bilan doimiy yashayotgan fuqarolarning talabi boʻyicha shartnoma voyaga yetgan oila aʼzolaridan biri bilan tuzilishi mumkin. Ijaraga oluvchi turar joydan koʻchib ketgan yoki u vafot etgan taqdirda shartnoma ushbu turar joyda yashayotgan voyaga yetgan oila aʼzolaridan biri bilan tuziladi. Oila aʼzosining ijaraga oluvchi deb tan olinishi munosabati bilan yuzaga keladigan nizolar sud tartibida hal etiladi.