Uy-joy kodeksi 75-modda. Xizmat turar joylari

Xususiy, munitsipal, idoraviy uy-joy fondi yoki aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining uylarida joylashgan, oʻz mehnat munosabatlari xususiyatiga koʻra ish joyiga bevosita yaqin yerda yashashi kerak boʻlgan fuqarolar koʻchib kirishiga moʻljallangan turar joylar xizmat turar joylari deb hisoblanadi. Saylab qoʻyiladigan lavozimlarni egallab turgan, mehnat shartnomalari boʻyicha ishlayotgan shaxslarga, harbiy xizmatchilarning ayrim toifalariga, shuningdek qonunchilikda belgilangan roʻyxatdagi boshqa shaxslarga beriladigan turar joylar ham xizmat turar joylariga kiritilishi mumkin. Belgilangan tartibda oilaviy bolalar uyi tashkil etilganda tarbiyasiga olingan bolalar bilan birgalikda yashashi uchun tarbiyachi – ota-ona etib tayinlangan fuqarolarga xizmat uyi yoki xizmat kvartirasi beriladi. Xizmat turar joylaridan oʻz maqsadida foydalaniladi. Xizmat turar joylari mehnat shartnomasining amal qilish muddatiga yoki xizmat davriga, saylab qoʻyiladigan lavozim muddati tugagunga qadar beriladi. Xizmat turar joylarini berish tartibi, shuningdek ularni olish huquqiga ega boʻlgan xodimlar toifalari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.