Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida 10-modda. Diniy mazmundagi materiallar, ularni tayyorlash, olib kirish va tarqatish

Diniy mazmundagi materiallar diniy taʼlimotning aqidaviy asoslarini, tarixini, diniy taʼlimot mafkurasini va sharhlarni, turli diniy taʼlimotlarning marosimlar oʻtkazish amaliyotini, shuningdek alohida shaxslarning, tarixiy faktlar va hodisalarning diniy nuqtai nazardan bahosini aks ettiruvchi kitoblar, risolalar, jurnallar, gazetalar, varaqalar, boshqa bosma nashrlar, belgilar, predmetlar, ramzlar, audiovizual asarlar (tele-, kino- va videofilmlar, kliplar, konsert dasturlarining yozuvlari, multfilmlar va boshqalar), elektron axborot tashuvchilardan (disketlar, CD, DVD disklari, oʻrnatilgan va yechib olinadigan xotira kartalari, Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtirilgan materiallar va boshqalar) iboratdir. Oʻzbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish jamiyatda konfessiyalararo totuvlik hamda diniy bagʻrikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zoʻravonlik va boshboshdoqlikka chorlaydigan gʻoyalar hamda qarashlar tarqalishining oldini olish maqsadida dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi. Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

3-bob. Diniy tashkilot tashkil etish, uning huquq va majburiyatlari. Diniy tashkilotlar faoliyatining qoʻshimcha kafolatlari