Davlat xizmatlari, shu jumladan diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazishda (qayta roʻyxatdan oʻtkazishda) xizmatlar adliya organlarining elektron tizimi orqali koʻrsatiladi. Elektron tizimga kirish elektron raqamli imzo yoki shaxsni identifikatsiyalash imkonini beruvchi boshqa usullar orqali amalga oshiriladi. Murojaat qiluvchi elektron tizimga kirganidan keyin oʻzining shaxsiy kabinetidagi tegishli murojaat turini tanlaydi, maʼlumotlarni bosqichma-bosqich kiritadi va hujjatlarni elektron tizim orqali yuboradi. Elektron tizimda shakllantirilgan yoki adliya organlari tomonidan yuborilgan elektron hujjatlarda matritsali shtrix kod (QR-kod) va identifikatsiyalangan raqamlar mavjud boʻladi. Bunda elektron hujjatda koʻrsatilgan identifikatsiyalangan raqamni elektron tizimning maxsus boʻlimiga kiritish orqali elektron hujjat toʻgʻrisidagi axborotni olish uchun imkoniyat yaratiladi. Elektron tizimning ishlash tartibi, maʼlumotlarning turlari va shakllari, shuningdek elektron hujjatlarning namunalari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.