Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida 17-modda. Diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish uchun talab qilinadigan hujjatlar

Diniy tashkilotni tashkil etish boʻyicha taʼsis yigʻilishi (konferensiyasi) oʻtkazilgan kundan eʼtiboran olti oy ichida uni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi elektron murojaat roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga yuboriladi. Markaziy boshqaruv organini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi elektron murojaatga quyidagi hujjatlarning elektron koʻchirma nusxalari ilova qilinadi: taʼsis yigʻilishining (konferensiyasining) markaziy boshqaruv organini tashkil etish, uning ustavini tasdiqlash va boshqaruv organlarini saylash toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan qarorining; markaziy boshqaruv organining davlat tilidagi ustavining; joylashgan yeridan diniy tashkilotning pochta manzili sifatida foydalanilishi moʻljallanayotgan koʻchmas mulkka egalik qilish yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatning; markaziy boshqaruv organining taʼsischilari va uning rahbar organi aʼzolari toʻgʻrisidagi hujjatlarning; markaziy boshqaruv organining rahbarida diniy professional maʼlumot mavjudligini tasdiqlovchi hujjatning, bundan taʼlimoti diniy professional taʼlim tizimini nazarda tutmaydigan konfessiyalar mustasno; vakolatli organ xulosasining. Diniy taʼlim muassasasini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi elektron murojaatga quyidagi hujjatlarning elektron koʻchirma nusxalari ilova qilinadi: markaziy boshqaruv organining diniy taʼlim muassasasini tashkil etish, uning ustavini tasdiqlash va rahbar organlarini saylash (tayinlash) boʻyicha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan qarorining; diniy taʼlim muassasasining davlat tilidagi ustavining; diniy taʼlim muassasasining rahbar organi aʼzolari toʻgʻrisidagi hujjatlarning; vakolatli organ xulosasining. Mahalliy diniy tashkilotni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi elektron murojaatga quyidagi hujjatlarning elektron koʻchirma nusxalari ilova qilinadi: mahalliy diniy tashkilotni oʻz tashabbusiga koʻra tuzayotgan, oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, ellik nafardan kam boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari imzolarini oʻz ichiga olgan hujjatning;