Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida 25-modda. Diniy tashkilotning faoliyatini toʻxtatib turish

Diniy tashkilotning faoliyati, u Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi , ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlarini buzgan taqdirda, sud tomonidan toʻxtatib turilishi mumkin. Diniy tashkilot tomonidan qonunchilik hujjatlari talablari buzilgan, shuningdek tashkilotning oʻz ustav maqsadlariga zid harakatlar sodir etilgan taqdirda, prokuratura organlari yoki roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ mazkur qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi taqdimnomani ushbu diniy tashkilotning rahbar organlariga kiritadi hamda bu qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatini belgilaydi. Agar bu qoidabuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, diniy tashkilot faoliyati prokuratura organlarining yoki roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning taqdimnomasi asosida sud qarori bilan olti oygacha boʻlgan muddatga toʻxtatib turiladi. Favqulodda holat joriy etilgan taqdirda diniy tashkilotning faoliyatini toʻxtatib turish tartibi qonunda belgilanadi.