Diniy rasm-rusumlar va marosimlar diniy tashkilotlar joylashgan joyda, shu jumladan ibodat qilinadigan binolarda hamda ularga tegishli hududlarda, dafn etish joylarida, ziyoratgohlarda, diniy zaruriyat boʻlgan taqdirda fuqarolarning xohishiga koʻra ularning uylarida oʻtkaziladi. Kasalxonalarda, gospitallarda, internat muassasalarida, dastlabki qamoq va jazoni oʻtash joylarida, ichki ishlar organlarining reabilitatsiya markazlarida diniy rasm-rusumlar va marosimlar qonunchilikda belgilangan tartibda, shu joylardagi fuqarolarning iltimoslariga koʻra oʻtkazilishi mumkin. Ibodat qilinadigan binolardan tashqaridagi ommaviy diniy rasm-rusumlar va marosimlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Diniy tashkilotlar dinga eʼtiqod qiluvchilardan majburiy pul yigʻimlari va toʻlovlar undirishga, shuningdek ularga nisbatan shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi choralarni qoʻllashga haqli emas.