Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga chek qoʻyishning umumiy chora-tadbirlari quyidagilardan iborat: xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish; tazyiq va zoʻravonlikning sabablari hamda shart-sharoitlari boʻlgan omillarni tahlil qilish, oʻrganish va baholash; aholi oʻrtasida huquqiy targʻibot olib borish; xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik hollarining statistik hisobi va hisobotini yuritish hamda ularni davlat statistika organlariga taqdim etish; fuqarolarni, ayniqsa xotin-qizlarni oʻz huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari toʻgʻrisidagi, shuningdek himoya qilish kafolatlari haqidagi axborot bilan taʼminlash maqsadida axborot-maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish; xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarini aniqlashning samarali huquqiy mexanizmlarini joriy etish; tazyiq va zoʻravonlik sodir etish xavfi boʻlgan guruhlarga mansub shaxslarga yoki ularni sodir etgan shaxslarga nisbatan oldini olish choralarini amalga oshirish; tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam koʻrsatishga va ularni himoya qilishga doir tadbirlarni amalga oshirish; xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarga nisbatan taʼsir koʻrsatish choralarini qoʻllash; aybdorlarni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish.