Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida 24-modda. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga nisbatan yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan himoya orderi

Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organi ularning nomidan himoya orderini berish hamda uni uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar himoya orderini olish toʻgʻrisidagi ariza bilan shaxsan murojaat qilishga haqli. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga himoya orderini berish hamda uni uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza ularning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining vakili hozirligida koʻrib chiqiladi. Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga nisbatan yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan himoya orderi ularning qonuniy vakiliga yoki vasiylik va homiylik organiga beriladi. Himoya orderi berilganligi va uzaytirilganligi toʻgʻrisidagi axborot vasiylik va homiylik organiga, shuningdek fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organiga 24 soat ichida yuboriladi.