Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida 28-modda. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarni maxsus markazlarga joylashtirish

Zoʻravonlik fakti mavjud boʻlgan taqdirda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakilining boshpana berish toʻgʻrisidagi talabi boʻyicha tegishli vakolatli organlar va tashkilotlar tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarning maxsus markazlarga joylashtirilishini taʼminlaydi. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining voyaga yetmagan bolalari ular bilan birga maxsus markazlarga joylashtirilishi mumkin. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi maxsus markazga olti oygacha muddatga joylashtirilishi mumkin. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchini maxsus markazga joylashtirish hamda undan chiqarish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchi maxsus markazga joylashtirilgan taqdirda, uning ish joyi (lavozimi) saqlab qolinadi. Bunda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining maxsus markazga joylashtirilganligi unga ushbu markazda boʻlgan davri, biroq bir oydan ortiq boʻlmagan muddat uchun vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi berish uchun asos boʻladi. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining maxsus markazda boʻlish vaqti uni taʼlim muassasasidan mashgʻulotlarni oʻtkazib yuborganligi munosabati bilan chiqarish uchun asos boʻlmaydi. Maxsus markazlar ushbu markazlarga joylashtirilgan tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilar hamda ularning voyaga yetmagan bolalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini koʻzlab, sudlarga davlat boji toʻlamasdan ariza, shikoyat va daʼvolar taqdim etadi, sud majlislarida oʻzining vakolatli vakili orqali ishtirok etadi. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga, shuningdek ularning oʻzi bilan birga maxsus markazlarga joylashtirilgan voyaga yetmagan bolalariga yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar tazyiq oʻtkazganlikda va zoʻravonlik sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxsdan undirilishi mumkin.