Xususiy mulkka tajovuz qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Qonunga xilof ravishda xususiy mulk huquqini cheklashga va (yoki) undan mahrum qilishga bevosita yoki bilvosita qaratilgan harakatlarga yoʻl qoʻyilmaydi. Nomaqbulligi oldindan maʼlum boʻlgan shartlarni mulkdorga majburan qabul qildirish, shu jumladan undan mol-mulkni, moliyaviy mablagʻlarni yoki boshqa mulkiy huquqlarni topshirishni asossiz ravishda talab qilish taqiqlanadi. Mulkdorning xoʻjalik faoliyatiga pirovard natijada uning mol-mulki tortib olinishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan yoxud mulkdorni oʻz mulkiga boʻlgan huquqidan voz kechishga majbur qiladigan qonunga xilof ravishdagi aralashuv taqiqlanadi. Xususiy mulkka tajovuz qilish qonunga binoan taʼqib qilinadi.