Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida 2-modda. Xususiy mulk huquqi

Xususiy mulk huquqi shaxsning qonunchilikka muvofiq qoʻlga kiritgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidir. Xususiy mulk boʻlgan mol-mulkning miqdori va qiymati cheklanmaydi. Xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasidadir. Davlat xususiy mulkning but saqlanishini taʼminlash va uning koʻpaytirilishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratadi. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina oʻz mol-mulkidan mahrum etilishi mumkin.