Yer kodeksi 1-modda. Yer toʻgʻrisidagi qonunchilikning asosiy vazifalari

Yer umummilliy boylikdir, Oʻzbekiston Respublikasi xalqi hayoti, faoliyati va farovonligining asosi sifatida undan oqilona foydalanish zarur va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Yer toʻgʻrisidagi qonunchilikning asosiy vazifalari hozirgi va kelajak avlodlarning manfaatlarini koʻzlab yerdan ilmiy asoslangan tarzda, oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishni, tuproq unumdorligini tiklash va oshirishni, tabiiy muhitni asrash va yaxshilashni, xoʻjalik yuritishning barcha shakllarini teng huquqlilik asosida rivojlantirish uchun sharoit yaratishni, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarini himoya qilishni taʼminlash maqsadida yer munosabatlarini tartibga solishdan, shuningdek bu sohada qonuniylikni mustahkamlashdan shu jumladan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishdan iborat.