Yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning yordamchi turi yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga yoki yer uchastkasidan shartli ruxsat etilgan foydalanish turiga nisbatan qoʻshimcha hisoblanadigan, mustaqil boʻlishi mumkin boʻlmagan va faqat ushbu turlar bilan birgalikda amalga oshiriladigan yer uchastkasidagi faoliyat turidir. Yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning yordamchi turi hududning funksional zonalashtirilishini belgilovchi shaharsozlik hujjatlari tasdiqlangan kundan eʼtiboran belgilangan hisoblanadi. Ruxsat etilgan foydalanishning yordamchi turlariga muvofiq foydalaniladigan yer uchastkasining maydoni mazkur yer uchastkasining ruxsat etilgan foydalanishning asosiy yoki shartli ruxsat etilgan turiga muvofiq foydalaniladigan maydonidan ortiq boʻlishi mumkin emas. Yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy (shartli ruxsat etilgan) va yordamchi turlarining chegaraviy nisbati har bir hududiy zona uchun shaharsozlik reglamenti, shuningdek qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.