Yer kodeksi 29-modda. Yer uchastkasini saqlash vazifasi

Egalik qilishga, foydalanishga, ijaraga berilgan yoki boshqa asoslarga binoan olingan yer uchastkasini saqlash vazifasi qonunchilikka muvofiq quyidagi majburiyatlar bilan taʼminlanishi mumkin: yer uchastkasini sotish yoki oʻzgacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazishni taqiqlash, bundan xususiy mulk boʻlgan yer uchastkalarining boshqa shaxsga oʻtkazilishi va ushbu Kodeks 24-moddasining oʻn uchinchi qismida hamda 24⁵-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno; yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga va yordamchi pudratga, ushbu Kodeks 51-moddasining oʻninchi qismida nazarda tutilgan holatda esa, ijaraga berishni taqiqlash; yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini oʻzgartirishni taqiqlash; faoliyatning ayrim turlarini taqiqlash; belgilangan tartibda kelishuvsiz koʻchmas mol-mulkning tashqi koʻrinishini oʻzgartirishni, imorat, bino, inshootni rekonstruksiya qilish yoki buzishni taqiqlash; yer unumdorligini saqlash va oshirish, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini soz holatda saqlash chora-tadbirlarini amalga oshirish; yer uchastkasida qurilish qilishni yoki uni oʻzlashtirishni belgilangan muddatlar mobaynida boshlash va tugallash; tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya qilish yoki muayyan ishlarni bajarish, shu jumladan yer uchastkasidagi tuproq qatlamini, noyob oʻsimliklarni, davlat tabiat yodgorliklarini, shuningdek moddiy madaniy meros obyektlarini asrash. Yer uchastkasini saqlash vazifasi qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlar, cheklashlar yoki shartlar bilan ham taʼminlanishi mumkin. Yer uchastkasini saqlash vazifasi shartlari uning huquqiy maqomiga kiritilib, davlat roʻyxatiga olinishi lozim va u yer uchastkasi boshqa shaxsga oʻtganida saqlab qolinadi. Yer uchastkasini saqlash vazifasining tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.