Shahar va posyolka qurilishi yerlariga uy-joy, kommunal-maishiy, madaniy-maʼrifiy, sanoat, savdo, maʼmuriy va boshqa binolar hamda inshootlar qurilgan yoki shunday bino va inshootlar qurish uchun berilgan hamma yerlar kiradi. Shahar va posyolka qurilishi yerlari uy-joy, madaniy-maishiy, sanoat obyektlari qurish va kapital qurilishning boshqa turlari uchun, shuningdek yakka tartibda uy-joy qurish uchun ushbu Kodeksda belgilangan tartibda beriladi. Shahar va posyolkaning qurilish uchun ajratilgan, lekin vaqtincha shu maqsadda foydalanilmayotgan yerlari yengil turdagi obyektlar (savdo chodirlari, doʻkonchalar, reklama konstruksiyalari va shu kabilar) qurish va oʻzga ehtiyojlar uchun elektron onlayn-auksion vositasida qisqa muddatli ijaraga berilishi mumkin. Yer uchastkasining yoxud undagi imoratning u yoki bu qismi kommunal xizmatdan (yoritish, oqova suvlarni chiqarib yuborish, truboprovod, sugʻorish qurilmalari va shu kabilar), yer uchastkalarining egalari yoki undan foydalanuvchilar esa, mustaqil ravishda oʻzicha yoki transportda kirib-chiqish imkonidan mahrum boʻlib qoladigan boʻlsa, yer uchastkasining boʻlinishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar yer uchastkasiga xoʻjalik binolari (garaj, otxona, ogʻilxona, omborxona, yertoʻla va shu kabilar) qurish ushbu uchastkada joylashgan yuridik shaxslar yoki uy-joylarda yashovchi jismoniy shaxslarning manfaatlariga zarar keltirsa, bunday qurilishni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Tabiiy ofat yoki boshqa sabablar bilan imorat buzilgan taqdirda buzilgan imoratning mulkdori imorat buzilgan kundan boshlab ikki yildan kechiktirmasdan imoratni tiklashga yoki ana shu uchastkada yangi imorat qurishga kirishsa, buzilgan imorat mulkdorining yer uchastkasiga egalik qilish yoki undan foydalanish huquqi saqlanib qoladi, shaharni yoki posyolkani rejalashtirish va uni qurish loyihasida ana shu yer uchastkasidan boshqacha tarzda foydalanish nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat eh