Pulli toʻxtab turish joylarining egalari pulli toʻxtab turish joylaridan foydalanganlik uchun toʻlov miqdorini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan cheklangan miqdorlardan yuqori boʻlmagan tariflar boʻyicha mustaqil ravishda belgilaydi. Pulli toʻxtab turish joylaridan foydalanganlik uchun toʻlov naqd pul shaklida yoki naqd pulsiz shaklda, toʻlov tizimlaridan, shu jumladan avtomatlashtirilgan toʻlov tizimlaridan foydalanilgan holda amalga oshiriladi. Pulli toʻxtab turish joylarini tashkil etish chogʻida ushbu Qonunning 24-moddasida belgilangan talablar bajariladi. Pulli toʻxtab turish joylarining egalari quyidagi huquqlarga ega: pulli toʻxtab turish joylaridan bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqi beriladigan foydalanuvchilarning roʻyxatini belgilash; pulli toʻxtab turish joylaridan bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqi beriladigan transport vositalarining roʻyxatini belgilash. Pulli toʻxtab turish joylarining egalari: pulli toʻxtab turish joylaridan foydalanganlik uchun avtomatlashtirilgan toʻlov tizimini joriy etishi; pulli toʻxtab turish joylari tashkil etilgan hududda yoʻl belgilari oʻrnatilishini, shuningdek videokuzatuv tizimlari yoki qoʻriqlashning boshqa texnik vositalari oʻrnatilishi va uzluksiz ishlashini taʼminlashi; toʻxtab turish joyining kirish yoki undan chiqish joyiga tutash boʻlgan toʻxtab turish joylari orasidan nogironligi boʻlgan shaxslar boshqaradigan yoki ularni tashiydigan transport vositalari uchun toʻxtab turish joylari ajratilishini taʼminlashi shart. Pulli toʻxtab turish joylarining egalari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar boʻlishi mumkin.