Yoʻl harakati toʻgʻrisida 32-modda. Yoʻllarni loyihalashtirishga, qurishga, rekonstruksiya qilishga, taʼmirlashga va saqlashga doir talablar

Yoʻllarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va saqlash yoʻl harakati sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak. Qurilgan va rekonstruksiya qilingan yoʻllarning yoʻl harakati sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan aniqlanadi. Loyihalashtirish bosqichida yoʻllarning yoʻl harakati sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi uchun javobgarlik yoʻl harakatini tashkil etish loyihasini ishlab chiquvchining, qurilish va rekonstruksiya qilish bosqichlarida esa ishlarni bajaruvchining zimmasiga yuklatiladi. Yoʻllarni taʼmirlash va saqlash chogʻida ularning holati yoʻl harakati sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini taʼminlash majburiyati yoʻl egalarining zimmasiga yuklatiladi. Yoʻl egalarining oʻz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaganligi oqibatida yoʻl harakati ishtirokchilariga va transport vositasiga yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda yoʻl egalari tomonidan qoplanadi.