Yoʻl harakati toʻgʻrisida 35-modda. Transport vositalari egalarining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga doir majburiyatlari

Transport vositasiga mulk huquqi yoki operativ boshqarish huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda egalik qiluvchi shaxs transport vositasining egasidir. Transport vositasini oʻz xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarish uchun, shu jumladan transport vositasining mulkdori yoxud boshqa egasi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga yoki fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomaga asosan boshqaruvchi shaxs transport vositasining egasi boʻlmaydi. Transport vositalarining egalari: texnik jihatdan soz transport vositalaridan foydalanishi; transport vositalarining tegishli malakaga ega boʻlgan va tibbiy koʻrikdan oʻtgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga ijozat berishi; transport vositalaridan foydalanish chogʻida boshqa shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va (yoki) mulkiga zarar yetkazganlik uchun oʻz fuqarolik javobgarligini “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq majburiy sugʻurta qilishni amalga oshirishi; transport vositalarining alkogoldan mast holatda yoki psixoaktiv moddalar taʼsiri ostida yoxud oʻta charchoq holatda boʻlgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga yoʻl qoʻymasligi; yoʻl harakati toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etishi shart.