Yoʻl harakati toʻgʻrisida 41-modda. Transport vositalaridan foydalanishga bogʻliq faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarning xodimlarini yoʻl harakati xavfsizligi masalalari boʻyicha oʻqitish, ularning malakasini oshirish, ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsatish va ularning bilimlarini tekshirish

Transport vositalaridan foydalanishga bogʻliq faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarning xodimlarini yoʻl harakati xavfsizligi masalalari boʻyicha oʻqitish, ularning malakasini oshirish, ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsatish va ularning bilimlarini tekshirish yuridik shaxs tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Yoʻl-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yuridik shaxs yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha dastlabki, reysdan oldingi, maxsus, mavsumiy va qoʻshimcha (navbatdan tashqari) yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatilishini taʼminlashi shart. Transport vositalaridan foydalanishga bogʻliq faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslarning yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan maxsus dasturlar boʻyicha uch yilda kamida bir marta oʻz malakasini oshirib, malaka imtihoni topshirishi kerak.