Yoʻl harakati xavfsizligini tibbiy jihatdan taʼminlash haydovchilarni majburiy ravishda dastlabki va davriy tibbiy koʻriklardan, shu jumladan reysdan oldingi tibbiy koʻriklardan oʻtkazish, shuningdek yoʻl-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish, yoʻl-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga hodisa yuz bergan joyning oʻzida, tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar birlamchi shoshilinch yordam koʻrsatish usullarini yoʻl harakati ishtirokchilariga, ichki ishlar organlarining, boshqa ixtisoslashtirilgan boʻlinmalarning mansabdor shaxslariga va aholiga davriy ravishda oʻrgatish orqali amalga oshiriladi. Yoʻl-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam hodisa yuz bergan joyning oʻzida tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar birlamchi shoshilinch yordam koʻrsatishdan, shuningdek yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan joyda, davolash-profilaktika muassasasiga olib borilayotganda va davolash-profilaktika muassasasida malakali tibbiy yordam koʻrsatishdan iboratdir. Tibbiy koʻriklarni oʻtkazish hamda yoʻl-transport hodisalarida jabrlangan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatilishini tashkil etish tartibi, tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar birlamchi shoshilinch yordam koʻrsatish uchun transport vositasining salonida turishi shart boʻlgan zarur tibbiy ashyolar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.