Yoʻl harakati toʻgʻrisida 48-modda. Transport vositalarini boshqarishga doir tibbiy qarshi koʻrsatmalar mavjud emasligi yuzasidan tibbiy tekshiruv

Ushbu Qonunning 44-moddasida koʻrsatilgan yoshga toʻlgan shaxslar avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash boʻyicha taʼlim tashkilotlariga hujjatlarni topshirishdan oldin tibbiyot muassasalarida transport vositalarini boshqarishga doir tibbiy qarshi koʻrsatmalar mavjud emasligini aniqlash maqsadida majburiy ravishda tibbiy tekshiruvdan oʻtadi. Tibbiy tekshiruv ushbu Qonunning ilovasida qayd etilgan tibbiy qarshi koʻrsatmalar mavjud emasligini aniqlash maqsadida pulli asosda oʻtkaziladi. Tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish ruxsat berilgan tibbiyot muassasalarining roʻyxati, tibbiy tekshiruvni oʻtkazganlik uchun tariflarning miqdorlari va tibbiy tekshiruv natijalariga doir xulosaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.