Advokatura toʻgʻrisida 10-modda. Advokatlik faoliyatining kafolatlari

Advokatning kasbga oid huquqlari, shaʼni va qadr-qimmati qonun bilan qoʻriqlanadi. Advokatlarning kasbiy faoliyatiga u yoki bu tarzda bevosita yoki bilvosita aralashish, ular oʻz kasbiy vazifalarini bajarayotganda olgan muayyan maʼlumotlarni oshkor etishni talab qilish, shuningdek advokatlar birlashmalarining mansabdor shaxslaridan va texnik xodimlaridan xuddi shunday maʼlumotlarni talab qilish taqiqlanadi. Advokat oʻz kasbiy vazifalarini bajarayotganida unga biror-bir shaklda taʼsir oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi. Advokat himoyachilik yoki vakillik vazifasini bajarayotganda oʻziga maʼlum boʻlib qolgan tafsilotlar yuzasidan guvoh sifatida soʻroq qilinishi mumkin emas. Advokat kasbiy vazifalarini bajarishi munosabati bilan qoʻlga kiritgan advokatlik dalillari (ashyolari), hujjatlari undan olib qoʻyilishi yoki koʻzdan kechirilishi mumkin emas, shuningdek uning oʻzi yuridik yordam koʻrsatayotgan shaxslar bilan uchrashish huquqi cheklanishi mumkin emas. Advokatning ish yuzasidan huquqiy nuqtai nazari xususida surishtiruv organi, tergovchi, prokuror taqdimnoma kiritishi, shuningdek sud xususiy ajrim chiqarishi mumkin emas. Advokat qonunga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam koʻrsatayotganligi munosabati bilan uni jinoiy, moddiy va boshqa javobgarlikka tortish yoki bunday javobgarlikni qoʻllash bilan qoʻrqitish mumkin emas. Advokatga nisbatan jinoiy ish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin. Sudning advokatni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish toʻgʻrisidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda, sudya bir sutka ichida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligini va Advokatlar palatasini yozma shaklda xabardor qiladi.