Quyidagi chet ellik fuqarolar yuqori malakali mutaxassislar deb eʼtirof etiladi: roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining buyrugʻi bilan tasdiqlanadigan, xalqaro miqyosda tan olingan tashkilotlar reytingida oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida birinchi 1 000 oʻrinni egallovchi oliy taʼlim muassasalarini bitirganlar; talab qilingan mutaxassislik yoxud diplomidagi mutaxassislik boʻyicha kamida besh yillik ish tajribasiga ega boʻlganlar; Oʻzbekiston Respublikasida mehnat faoliyatiga jalb etish shartlarida yiliga oltmish ming AQSH dollari ekvivalentidagi summadan kam boʻlmagan miqdorda ish haqi (mukofot puli) olishi nazarda tutilganlar. Quyidagi chet ellik fuqarolar malakali mutaxassislar deb eʼtirof etiladi: oliy maʼlumotga ega boʻlganlar; talab qilingan mutaxassislik yoxud diplomidagi mutaxassislik boʻyicha kamida besh yillik ish tajribasiga ega boʻlganlar; Oʻzbekiston Respublikasida mehnat faoliyatiga jalb etish shartlarida yiliga oʻttiz ming AQSH dollari ekvivalentidagi summadan kam boʻlmagan miqdorda ish haqi (mukofot puli) olishi nazarda tutilganlar.