Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari: mehnat bozorini rivojlantirishni, aholi bandligini taʼminlaydigan tuzilmaviy, moliyaviy, kredit, investitsiyaga oid va soliq siyosatini amalga oshirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqadi; mehnat bozori va aholi bandligiga oid tahliliy tadqiqotlarni, prognozlashni, bu sohadagi davlat statistika hisobini va hisobotini amalga oshiradi; aholi bandligi sohasidagi tarmoq dasturlarini, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini va ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi; tegishli davlat kafolatlarini, shuningdek fuqarolarning aholi bandligi sohasidagi huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishini taʼminlaydi; qoʻshimcha ish oʻrinlari tashkil etilishiga, mehnat sharoitlari yaxshilanishiga koʻmaklashadi; belgilangan tartibda kasbiy standartlarni va malaka talablarini ishlab chiqadi hamda keyinchalik roʻyxatdan oʻtkazish uchun kiritadi. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.