Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida mehnat faoliyatini amalga oshirish davri pensiya olish huquqiga ega boʻlingan paytdan eʼtiboran yoshga doir pensiyani hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan ish stajiga qoʻshib hisoblanadi. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatga olish davri, mehnat faoliyati bu davrda oʻzini oʻzi band qilish tartibida amalda bajarilganligi yoki bajarilmaganligidan qatʼi nazar, pensiyani tayinlash uchun mehnat stajiga qoʻshib hisoblanadi. Mahalliy mehnat organlari oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga imtiyozli mikrokreditlar ajratish uchun tijorat banklariga tavsiyalar beradi. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan kasbga oʻqitish markazlarida (kasb-hunar taʼlimi muassasalarida) qisqa muddatli kasbga oʻqishni, shuningdek tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqishni bepul oʻtashi mumkin. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni kasbga oʻqitishni tashkil etish va oʻqitish boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Mahalliy mehnat organlari oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga mehnat asbob-anjomlarini (motokultivatorlar, oʻt oʻroq mashinalari, perforatorlar, payvandlash apparatlari, oʻsimliklarga ishlov berish qurilmalari, duradgorlik, chilangarlik va qurilish uskunalari hamda boshqalarni), shaxsiy himoya vositalarini va ish kiyimini imtiyozli ijaraga berish punktlarini tashkil etadi. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga imtiyozli ijaraga berish uchun mehnat asbob-anjomlari, shaxsiy himoya vositalari va ish kiyimi Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan olinadi.