Aholi bandligi toʻgʻrisida 40-modda. Zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarini saqlash shartlari

Zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari qisqartirilgan yoki tugatilgan hollarda tashkilot mahalliy mehnat organiga axborot taqdim etadi. Texnologiyadagi, ishlab chiqarishni tashkil etish va mehnat shart-sharoitlaridagi oʻzgarishlar, xodimlar sonining oʻzgarishiga olib kelgan ish hajmlarining qisqarishi bilan bogʻliq tadbirlarni amalga oshirish chogʻida, zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlariga ishga joylashtirilgan shaxslar uchun ish oʻrinlari, agar ushbu shaxslarning soni xodimlar soni oʻzgargan kalendar yil uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari bilan belgilangan zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari sonidan ortiq boʻlmasa, ustuvor tartibda saqlanadi. Zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrni ilgari ushbu ish oʻrnini egallagan shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi munosabati bilan boʻshaganda, tashkilot yangidan ochilgan boʻsh (vakant) ish oʻrni toʻgʻrisida mahalliy mehnat organini oʻn kunlik muddatda xabardor qilishi shart. Tashkilot xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlariga muvofiq oʻzi uchun ish oʻrinlari zaxiraga qoʻyiladigan toifadagi shaxslarni ishga joylashtirishi shart. Tashkilot zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida yigirma besh foizi miqdorida zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining tayyorligini yil boshlanishidan oldin oʻn kundan kechiktirmay taʼminlashi, shuningdek bu haqda mahalliy mehnat organini xabardor qilishi shart. Ish oʻrinlarining qolgan qismini zaxiraga qoʻyish tashkilot tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlanadi, bu haqda mahalliy mehnat organi birinchi chorak tamom boʻlganidan keyin oʻn kundan kechiktirmay xabardor qilinadi. Tashkilotlar mahalliy mehnat organiga ishga joylashtirish toʻgʻrisida har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar axborot taqdim etadi. Mavsumiy va vaqtinchalik ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi.