Aholi bandligi toʻgʻrisida 50-modda. Ish beruvchi bankrot deb topilganligi yoki tugatilganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimlarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha kafolatlar

Ish beruvchi bankrot deb topilgan taqdirda, u bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan xodimlar ish haqi va oʻzlariga tegishli boshqa toʻlovlar xususida majburiyatlar boʻyicha oʻzlarining talablari qanoatlantirilishi uchun boshqa barcha kreditorlarning talablariga nisbatan ustuvor huquqdan foydalanadi. Tugatilayotgan tashkilotlarning mablagʻlari mavjud boʻlmagan taqdirda, ushbu Qonun 49-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan xodimlarga kompensatsiyalar toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Tashkilotlarning tugatilishi, xodimlar soni (shtati) qisqartirilishi munosabati bilan boʻshatilgan, mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin oʻttiz kalendar kun ichida mahalliy mehnat organlarida roʻyxatga olingan hamda ishlab chiqarishdan ajralgan holda kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorgarlikdan oʻtayotgan yoki malakasini oshirayotgan xodimlarga stipendiya mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining bir baravari miqdorida toʻlanadi.