Aholi bandligi toʻgʻrisida 53-modda. Tashkilotlardan boʻshatilgan shaxslarga ishsizlik nafaqasi toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari

Ushbu Qonun 49-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha tashkilotlardan boʻshatilgan shaxslar uchun, agar ular mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin oʻttiz kalendar kun ichida ish qidirayotgan shaxslar sifatida mahalliy mehnat organlarida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsa, belgilangan uch oylik muddat tugaganidan keyin birinchi kundan eʼtiboran ishsizlik nafaqasi hisoblanadi. Agar ushbu Qonun 49-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha tashkilotdan boʻshatilgan shaxs mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin oʻttiz kalendar kun ichida mahalliy mehnat organlarida roʻyxatdan oʻtmagan, lekin unga uch oylik davr tugaganidan keyin mahalliy mehnat organi tomonidan maqbul keladigan ish berilmagan boʻlsa, u ishsiz shaxs maqomiga ega boʻladi hamda unga mehnat shartnomasi bekor qilingan sanadan keyin kamida ikki oy muddat oʻtgach ishsizlik nafaqasi hisoblanadi. Ishdan boʻshatilayotgan shaxs maqbul ishga doir ikkita taklifni rad etgan taqdirda, u ishsiz shaxs maqomiga ega boʻlmaydi va oʻttiz kalendar kundan soʻng umumiy asoslarda ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatga olinadi.