Aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat: ish oʻrinlari tashkil etilishini ragʻbatlantirish va aholi bandligiga koʻmaklashish, shu jumladan ish oʻrinlarini tashkil etishga doir davlat buyurtmasini hamda ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga hamda ularning malakasini oshirishga doir davlat buyurtmasini shakllantirish orqali koʻmaklashish; ishsiz shaxslarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish, ishsizlikni kamaytirish choralarini koʻrish, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirishga koʻmaklashish; yoshlarni, ayniqsa qishloq joylardagi yoshlarni, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishni taʼminlash boʻyicha choralarni amalga oshirish; aholi bandligi sohasida zamonaviy kasbiy standartlarni joriy etish, mehnatni normalashtirish hamda mehnatga haq toʻlash mexanizmlarini takomillashtirish; aholi bandligi sohasida ayollar va erkaklar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlarni taʼminlash; ishga joylashtirish jarayonlariga ilgʻor axborot texnologiyalarini joriy etish, aholining ishga joylashishiga koʻmaklashish boʻyicha xizmatlar bozorida zamonaviy infratuzilmani va raqobat muhitini yaratish; Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ishga joylashishida koʻmaklashish, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida ularning huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilinishini taʼminlash.