Ish qidirayotgan shaxslarni hamda ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish quyidagi hollarda mahalliy mehnat organining yoʻllanmasiga koʻra amalga oshirilishi mumkin: kasbi (mutaxassisligi) mavjud boʻlmaganda; mavjud kasbiy koʻnikmalariga mos maqbul ish yoʻqligi sababli kasbni (mutaxassislikni) oʻzgartirish zarur boʻlganda; kasbiy koʻnikmalari mavjud boʻlmaganligi yoki yetarli boʻlmaganligi sababli, kasbiga (mutaxassisligiga) doir talablar oʻzgartirilganligi bois malaka oshirishi zarur boʻlganda; avvalgi kasbi (mutaxassisligi) boʻyicha ish bajarish qobiliyati yoʻqotilganda. Ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kasbga oʻqitish markazlarida (kasb-hunar taʼlimi muassasalarida) amalga oshiriladi. Ish qidirayotgan shaxslar, ishsiz shaxslar, shuningdek aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslar ustuvor tartibda kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan oʻtish huquqiga ega. Kasbga oʻqitish markazlarini saqlash va moddiy-texnik jihatdan rivojlantirish Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.