Aholi bandligi toʻgʻrisida 95-modda. Yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalari

Yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalari (bundan buyon matnda hududiy jamgʻarma deb yuritiladi) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida davlat muassasalari shaklida tashkil etiladi. Quyidagilar hududiy jamgʻarmalarning mablagʻlarini shakllantirish manbalaridir: Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari daromadlarining prognoz parametrlarini oshirib bajarishdan qirq foizgacha boʻlgan miqdordagi har choraklik tushumlar; mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari hamda begʻaraz yordami; jismoniy va yuridik shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari hamda norezidentlari boʻlgan xayriya qiluvchilarning belgilangan tartibda taqdim etiladigan mablagʻlari; qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar. Hududiy jamgʻarmalar mablagʻlaridan foydalanish ustidan nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining va boshqa vakolatli organlarning zimmasiga yuklatiladi.