Jamiyat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buxgalteriya hisob-kitobini yuritishi va moliya hisobotini taqdim etishi shart. Jamiyatda buxgalteriya hisob-kitobini tashkil etish, uning holati va toʻgʻri yuritilishi, tegishli organlarga har yilgi hisobot va boshqa moliya hisobotlari, shuningdek aksiyadorlar, kreditorlar va ommaviy axborot vositalariga jamiyat faoliyatiga doir maʼlumotlar oʻz vaqtida taqdim etilishi uchun javobgarlik qonun hujjatlariga muvofiq ijroiya organi zimmasida boʻladi. Jamiyatning aksiyadorlar umumiy yigʻilishiga taqdim etadigan yillik hisobotidagi, buxgalteriya balansidagi, foyda va zararlar hisobvaragʻidagi maʼlumotlarning toʻgʻri ekanligi jamiyatning taftish komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Koʻrsatib oʻtilgan hujjatlarni matbuotda eʼlon qilishdan oldin jamiyat yillik moliya hisobotini har yilgi tekshirish va tasdiqlash uchun jamiyat yoki aksiyadorlar bilan mulkiy manfaatlar negizida bogʻliq boʻlmagan auditorlik tashkilotini jalb etishi shart. Jamiyatning yillik hisoboti aksiyadorlarning yillik umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan kamida 30 kun oldin kuzatuv kengashi tomonidan dastlabki tarzda tasdiqlanishi lozim.