Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 12-modda. Jamiyatning muassislari

Aksiyadorlik jamiyatini tuzish toʻgʻrisidagi taʼsis shartnomasini imzolagan yuridik va jismoniy shaxslar aksiyadorlik jamiyatining muassislari deb tan olinadi. Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari jamiyat muassislari boʻlishi mumkin emas. Jamiyat muassislari jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgunga qadar uning tuzilishi bilan bogʻliq majburiyatlar yuzasidan solidar javobgar boʻladilar. Jamiyat muassislarning uni tuzish bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlari yuzasidan faqat ularning harakatlari keyinchalik aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida maʼqullangan taqdirdagina javobgar boʻladi. Davlat korxonasi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilayotganda davlat mulkini tasarruf etishga vakolatli organ uning muassisi boʻladi. Davlat korxonasi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilayotganda aksiyalarni taqsimlash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Yopiq aksiyadorlik jamiyati muassislari oʻrtasida aksiyalarni taqsimlash taʼsis hujjatiga muvofiq amalga oshiriladi.