Jamiyatning ustavida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim: firmaning toʻliq va qisqartirilgan nomi hamda joylashgan yeri (pochta manzili); faoliyat sohasi (asosiy yoʻnalishlari), maqsadi va muddatlari; ustav fondining miqdori; ustav fondini koʻpaytirish yoki kamaytirish tartibi; chiqarilayotgan aksiyalar turlari, ularning nominal qiymati, har xil turdagi aksiyalarning nisbati; daromad (foyda)ni, dividendlarni taqsimlash va zararni qoplash tartibi; zaxira fondini va boshqa fondlarni tashkil etish tartibi; jamiyat qatnashchilarining huquq va majburiyatlari; jamiyat boshqaruvining tuzilishi, ijroiya va nazorat organlari aʼzolarining soni, ularni saylash tartibi, bu organlarning vakolatlari; yillik hisobotlarni tuzish, tekshirish va tasdiqlash tartibi; jamiyatni qayta tuzish va tugatish tartibi. jamiyat tomonidan aksiyalarni joylashtirish tartibi va shartlari; Jamiyat ustavida bitta aksiyadorga tegishli boʻlgan aksiyalar soni va ular nominal qiymatining summasi cheklab qoʻyilishi mumkin. Jamiyat ustavida qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham boʻlishi mumkin. Jamiyat aksiyador yoki har qanday manfaatdor shaxsning talabiga binoan ustavda belgilangan muddatlarda ularga jamiyat ustavi, shu jumladan unga doir oʻzgartishlar va qoʻshimchalar bilan tanishib chiqish imkoniyatini berishi shart. Jamiyat aksiyadorning talabiga binoan jamiyatning amaldagi ustavidan nusxa olib berishi shart.