Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 2-modda. Aksiyadorlik jamiyatining huquqiy holati

Ustav fondi jamiyatning aksiyadorlarga nisbatan majburiyatlarini tasdiqlovchi muayyan miqdordagi aksiyalarga taqsimlangan xoʻjalik yurituvchi subyekt aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi. Jamiyat qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatning har qanday turlarini amalga oshirish chogʻida huquqlarga ega boʻladi va majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi. Jamiyat yuridik shaxs hisoblanadi va oʻzining mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkiga ega boʻladi, oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi hamda amalga oshirishi, zimmasiga majburiyatlar olishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin. Jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs huquqlarini qoʻlga kiritadi. Jamiyat, agar uning ustavida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, cheklanmagan muddatga tuziladi. Jamiyat belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi hududi va undan tashqarida bankda hisobvaraqlar ochishga haqlidir. Jamiyat oʻzining firma nomi davlat tilida toʻliq yozilgan hamda joylashgan manzili koʻrsatilgan yumaloq muhriga ega boʻlishi lozim. Muhrda ayni paytning oʻzida firmaning nomi boshqa istalgan tilda ham koʻrsatilishi mumkin. Jamiyat oʻz nomi yozilgan shtampi va blankalariga, oʻz timsoliga, shuningdek belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan tovar nishoniga hamda boshqa oʻz belgi-alomatlariga ega boʻlishga haqlidir. Jamiyat qonun hujjatlarida man etilmagan va taʼsis hujjatlarida koʻrsatilmagan istalgan faoliyat turi bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shugʻullanishi mumkin. Jamiyat muassislari taʼsis hujjatlarida faoliyatning asosiy turlarinigina sanab oʻtishga haqlidir.