Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 22-modda. Jamiyatning ustav fondini kamaytirish

Jamiyatning ustav fondi aksiyalarning nominal qiymatini yoki ularning umumiy sonini qisqartirish yoʻli bilan, shu jumladan aksiyalarning bir qismini jamiyatning oʻzi keyinchalik muomaladan chiqarish sharti bilan sotib olishi yoʻli bilan kamaytirilishi mumkin. Jamiyatning ustav fondini aksiyalarning bir qismini sotib olish va muomaladan chiqarish orqali kamaytirishga, agar bunday imkoniyat jamiyatning ustavida nazarda tutilgan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi. Agar ustav fondini kamaytirish natijasida uning miqdori jamiyatning ustaviga kiritilgan tegishli oʻzgartishlarni roʻyxatdan oʻtkazish kuni belgilanadigan jamiyat ustav fondining eng kam miqdoridan qonun hujjatlarida belgilanganidan kamayib ketadigan boʻlsa, jamiyat ustav fondini kamaytirishga haqli emas. Ustav fondini kamaytirish va jamiyat ustaviga tegishli oʻzgartishlar kiritish haqidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida qabul qilinadi. Ustav fondini kamaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan vaqtda aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi fondni kamaytirish sabablarini koʻrsatadi va uni kamaytirish tartibini belgilaydi. Ustav fondini kamaytirish vaqtida jamiyat tugatilganida nazarda tutiladigan aksiyadorlarning manfaatlarini himoya qilish shartlariga rioya etilishi zarur.