Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 26-modda. Jamiyatning joylashtirilgan va eʼlon qilingan aksiyalari

Jamiyatning ustavida aksiyadorlar sotib olgan aksiyalarning (joylashtirilgan aksiyalarning) soni va nominal qiymati belgilab qoʻyilishi lozim. Jamiyat ustavida jamiyat joylashtirilgan aksiyalarga qoʻshimcha ravishda joylashtirishga haqli boʻlgan eʼlon qilingan (qoʻshimcha) aksiyalarning soni va nominal qiymati belgilanishi mumkin. Jamiyat ustaviga jamiyatning eʼlon qilingan aksiyalari haqida ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar bilan bogʻliq oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida qabul qilinadi. Jamiyat tomonidan aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlar joylashtirilgan taqdirda eʼlon qilingan (qoʻshimcha) aksiyalarning soni ushbu qimmatli qogʻozlar muomalada boʻlishi muddati mobaynida ayirboshlash uchun zarur miqdordan kam boʻlmasligi lozim. Jamiyat oʻzi joylashtirgan qimmatli qogʻozlar erkin ayirboshlanishi mumkin boʻlgan aksiyalar beradigan huquqlarni cheklash haqida ushbu qimmatli qogʻozlar egalarining roziligisiz qaror qabul qilishga haqli emas.