Jamiyat aksiyadorlar umumiy yigʻilishining, agar jamiyat ustavida nazarda tutilgan boʻlsa, joylashtirilgan aksiyalarning umumiy sonini kamaytirish maqsadida, shuningdek keyinchalik qayta sotish maqsadida ularning bir qismini sotib olish yoʻli bilan jamiyatning ustav fondini kamaytirish toʻgʻrisidagi qaroriga muvofiq oʻzining joylashtirilgan aksiyalarini sotib olishga haqlidir. Agar muomalada qolgan aksiyalarning nominal qiymati ustav fondining ushbu Qonunda nazarda tutilgan eng kam miqdoridan kamayib ketadigan boʻlsa, jamiyat joylashtirilgan aksiyalarining umumiy sonini kamaytirish maqsadida ularning bir qismini sotib olish yoʻli bilan ustav fondini kamaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli emas. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi aksiyalarning umumiy sonini kamaytirish maqsadida ularni sotib olish yoʻli bilan jamiyatning ustav fondini kamaytirish toʻgʻrisida qabul qilgan qaror asosida jamiyat tomonidan sotib olingan aksiyalar ularni sotib olish vaqtida muomaladan chiqariladi. Aksiyalarni sotib olish toʻgʻrisidagi qarorda sotib olinadigan aksiyalarning turlari, jamiyat sotib oladigan har bir turdagi aksiyaning soni, sotib olish narxi, aksiyalar haqini toʻlash shakli va muddati, shuningdek aksiyalar qancha muddatda sotib olinishi belgilab qoʻyilishi lozim. Agar jamiyatning ustavida oʻzgacha tartib belgilanmagan boʻlsa, aksiyalarni sotib olish vaqtida ularga pul bilan haq toʻlanadi. Aksiyalarni sotib olish muddati 30 kundan kam boʻlmasligi kerak. Jamiyat tomonidan oddiy (odatdagi) aksiyalarni sotib olish narxi bozor bahosiga muvofiq belgilanadi. Sotib olish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan muayyan turlardagi aksiyalarning egasi boʻlmish har bir aksiyador koʻrsatib oʻtilgan aksiyalarni sotishga haqlidir, jamiyat esa ularni sotib olishi shart. Agar jamiyatning sotib olishi toʻgʻrisida ariza tushgan aksiyalarning umumiy soni ushbu moddada belgilangan cheklashlarni hisobga olgan holda jamiyat sotib olishi mumkin boʻlgan aksiyalarning sonidan ortib ketsa, aksiyado