Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 48-modda. Depo hisobvaragʻidan koʻchirma

Depo hisobvaragʻidan koʻchirma aksiyadorning aksiyalarga boʻlgan huquqlarini tasdiqlaydigan, depozitariy tomonidan beriladigan hujjatdir. Aksiyadorga uning aksiyalarga boʻlgan huquqlarini hisobga olish boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi depozitariy aksiya egasining yoki uning qonuniy vakilining talabiga binoan ikki ish kuni ichida depo hisobvaragʻidan koʻchirma berishi shart. Qimmatli qogʻozlar egasi depo hisobvaragʻidan koʻchirmaga oʻziga oid boʻlmagan axborotni, shu jumladan boshqa qimmatli qogʻozlar egalari hamda ularga tegishli qimmatli qogʻozlarning soni toʻgʻrisidagi axborotni kiritishni talab qilish huquqiga ega emas. Depo hisobvaragʻidan koʻchirma bergan shaxs unda koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻliqligi va toʻgʻriligi uchun javobgardir. Depo hisobvaragʻidan koʻchirma berish tartibi, koʻchirmaning shakli va mazmuniga oid talablar qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilab qoʻyiladi. Davlat vakiliga depo hisobvaragʻidan koʻchirma berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.