Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 7-modda. Yopiq aksiyadorlik jamiyati

Aksiyalari faqat oʻz muassislari yoki oldindan belgilangan doiradagi shaxslar orasida taqsimlanadigan aksiyadorlik jamiyati yopiq aksiyadorlik jamiyati deb hisoblanadi. Bunday jamiyat oʻzi chiqarayotgan aksiyalarga ochiq obuna oʻtkazishga yoxud ularni cheklanmagan doiradagi shaxslarga sotib olish uchun boshqacha tarzda taklif etishga haqli emas. Yopiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining soni ellik nafardan ziyod boʻlishi mumkin emas. Belgilangan chegaradan ortib ketgan taqdirda u yopiq aksiyadorlik jamiyatlari uchun miqdori aksiyadorlarning chegaralangan limitidan ortib ketgan shaxslar aksiyadorlar reyestrida roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran olti oy ichida ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilishi, ushbu muddat tugagach sud tartibida tugatilishi lozim. Yopiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlari ushbu jamiyatning boshqa aksiyadorlari sotayotgan aksiyalarni uchinchi shaxsga taklif etilayotgan narxda va shartlarda, ularning har biriga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda imtiyozli olish huquqiga, agar jamiyat ustavida mazkur huquqni amalga oshirishning boshqacha tartibi nazarda tutilmagan boʻlsa, ega boʻladi. Agar aksiyadorlar aksiyalarni sotib olishda oʻz imtiyozli huquqlaridan foydalanmasalar, jamiyat aksiyadorlar tomonidan sotiladigan aksiyalarni sotib olish uchun imtiyozli huquqqa ega boʻlishi uning ustavida koʻzda tutilishi mumkin. Aksiyadorlar sotayotgan aksiyalarni sotib olishda imtiyozli huquqdan foydalanish tartibi, muddati jamiyat ustavida belgilab qoʻyiladi. Imtiyozli huquqdan foydalanish muddati aksiyalar savdoga qoʻyilgan paytdan boshlab 30 kundan kam va 60 kundan koʻp boʻlishi mumkin emas.