Jamiyatning kuzatuv kengashi jamiyat faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, ushbu Qonun bilan aksiyadorlar umumiy yigʻilishining mutlaq vakolatlariga kiritilgan masalalarni hal etish bundan mustasno. Ovoz beruvchi aksiyalarning egasi boʻlgan aksiyadorlar soni oʻttiz kishidan kam boʻlgan jamiyatda kuzatuv kengashi vazifasi jamiyat ustavi bilan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi zimmasiga yuklanishi mumkin. Bunday hollarda aksiyadorlar umumiy yigʻilishini oʻtkazish masalasini hal etishga vakolati boʻlgan muayyan shaxs yoki jamiyat organi jamiyat ustavida oʻz aksini topishi kerak. Aksiyadorlar umumiy yigʻilishi qaroriga binoan jamiyat kuzatuv kengashi aʼzolariga ular oʻz vazifalarini bajarib turgan davrda badal toʻlanishi va (yoki) kuzatuv kengashining aʼzosi vazifasini bajarish bilan bogʻliq xarajatlari qoplanishi mumkin. Bunday badal va toʻlovlarning miqdori aksiyadorlar umumiy yigʻilishi qarori bilan belgilab qoʻyiladi.