Axborotlashtirish toʻgʻrisida 4-modda. Axborotlashtirish sohasidagi davlat siyosati

Axborotlashtirish sohasidagi davlat siyosati axborot resurslari, axborot texnologiyalari va axborot tizimlarini rivojlantirish hamda takomillashtirishning zamonaviy jahon tamoyillarini hisobga olgan holda milliy axborot tizimini yaratishga qaratilgan. Axborotlashtirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat: har kimning axborotni erkin olish va tarqatishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, axborot resurslaridan erkin foydalanilishini taʼminlash; davlat organlarining axborot tizimlari, tarmoq va hududiy axborot tizimlari, shuningdek yuridik hamda jismoniy shaxslarning axborot tizimlari asosida Oʻzbekiston Respublikasining yagona axborot makonini yaratish; xalqaro axborot tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmogʻidan erkin foydalanish uchun sharoit yaratish; davlat axborot resurslarini shakllantirish, axborot tizimlarini yaratish hamda rivojlantirish, ularning bir-biriga mosligini va oʻzaro aloqada ishlashini taʼminlash; axborot texnologiyalarining zamonaviy vositalari ishlab chiqarilishini tashkil etish; axborot resurslari, xizmatlari va axborot texnologiyalari bozorini shakllantirishga koʻmaklashish; sunʼiy intellektni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek huquqiy, texnologik va iqtisodiy asoslarni belgilash; dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish rivojlantirilishini ragʻbatlantirish; tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoit yaratish; kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni ragʻbatlantirish.