Maxsus vakolatli organ: davlat axborot resurslarini shakllantirish ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi; axborotlashtirish va axborot texnologiyalarini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqadi; davlat organlarining axborot tizimlari, tarmoq va hududiy axborot tizimlari yaratilishiga koʻmaklashadi; axborotlashtirish sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarni ishlab chiqadi; axborot tizimlari va axborot texnologiyalarining texnika vositalari hamda xizmatlarini sertifikatlashtirish ishlarini tashkil etadi; yuridik va jismoniy shaxslarning oʻz axborot resurslari hamda axborot tizimlari muhofaza etilishini taʼminlash borasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi; axborot resurslari, xizmatlari va axborot texnologiyalari bozorini rivojlantirishga koʻmaklashadi; sunʼiy intellekt yoʻnalishiga investitsiyalarni jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratadi; davlat organlarining maʼlumotlarini sunʼiy intellekt asosida qayta ishlash uchun texnik infratuzilmani shakllantiradi; sunʼiy intellekt yoʻnalishida kadrlar tayyorlashni, ularni qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi; axborotlashtirish sohasida marketing tadqiqotlari va monitoringni tashkil etadi; axborot resurslaridan foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini amalga oshiradi; Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati va xavfsizligi manfaatlarini koʻzlab axborot xavfsizligini hamda axborot tizimlaridan ustuvor foydalanilishini taʼminlaydi; qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.