Bojxona kodeksi 113-modda. Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimi

Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimi shunday rejimki, bunda tovarlar bojxona hududining bojxona organlari tomonidan belgilangan joylarida bojxona bojlari, soliqlar toʻlanmagan va iqtisodiy siyosat choralari qoʻllanilmagan holda bojxona nazorati ostida turadi hamda realizatsiya qilinadi. Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtirilgan chet el tovarlari, shuningdek Oʻzbekiston tovarlari bojxona hududidan chiqib ketayotgan va bojxona hududiga kirib kelayotgan jismoniy shaxslarga, Oʻzbekiston Respublikasi hududida vaqtincha turgan chet ellik shaxslarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet ellik shaxslarga ushbu bobda belgilangan shartlarda chakana holda realizatsiya qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib oʻtmayotgan jismoniy shaxslarga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilinmagan chet ellik shaxslarga boj olinmaydigan savdo doʻkonlarida tovarlarni realizatsiya qilishga (sotib olishga) ruxsat etilmaydi. Boj olinmaydigan savdo bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni realizatsiya qilish boj olinmaydigan savdo doʻkonlarida bojxona nazorati ostida amalga oshiriladi.