Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlashga yoki bojxona hududida qayta ishlashga ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati oʻn ish kunidan oshmasligi kerak. Tegishli ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan sanadan boshlab hisoblanadi. Bojxona organi tegishli qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay vakolatli shaxsga tegishli ruxsatnomani berishi (joʻnatishi) yoki ruxsatnoma berish rad etilganligi haqida uni yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor qilishi shart. Ruxsatnoma vakolatli shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilangan shaklda beriladi. Agar bojxona organi tegishli ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish, ruxsatnoma berish yoki uni berishni rad etish muddati ichida vakolatli shaxsga ruxsatnoma bermagan boʻlsa yoki berishni rad etmagan boʻlsa, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddat tugaganidan keyin vakolatli shaxs bojxona organini yozma ravishda xabardor qilgan holda tovarlarni bojxona organining ruxsatnomasi olinishini nazarda tutuvchi bojxona rejimiga joylashtirish huquqiga ega. Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda, bojxona organi vakolatli shaxsning yozma xabarini olganidan keyin besh ish kuni ichida unga ruxsatnoma berishi shart. Qabul qilib olingan sanasi koʻrsatilgan ariza va vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga yuborilgan yozma xabar ruxsatnoma olinguniga qadar ruxsatnomaga tenglashtiriladi hamda tovarlarni bojxona organining ruxsatnomasi olinishini nazarda tutuvchi bojxona rejimiga joylashtirish uchun asos boʻladi.