Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini bojxona toʻlovlari toʻlashdan shartli ozod etilgan holda bojxona hududiga vaqtincha olib kirishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi, agar u: chet davlat hududida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa; tovarlarni va yoʻlovchilarni tijorat maqsadida tashish uchun foydalanilayotgan boʻlsa; bojxona hududiga chet ellik shaxs yoxud chet ellik shaxs vakolat bergan Oʻzbekiston Respublikasi yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan olib kirilayotgan boʻlsa; ijara shartnomasining predmeti yoki mazkur transport vositasiga boʻlgan huquqni Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsiga transport operatsiyasini transport vositasini bojxona hududidan qaytarib olib chiqish yoʻli bilan tugallashdan oʻzga maqsadda oʻtkazishni nazarda tutuvchi boshqa shartnoma predmeti boʻlmasa. Vaqtincha olib kirilgan transport vositasiga nisbatan mulk huquqi Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsiga oʻtgan boʻlsa, tegishli bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim. Transport vositasi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq boʻlmagan hollarda, shuningdek bojxona toʻlovlarini toʻlashdan shartli ozod etishni qoʻllash shartlariga rioya etilmagan taqdirda, transport vositasiga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda davriy bojxona toʻlovlari qoʻllaniladigan vaqtincha olib kiriladigan tovar sifatida qaraladi.