Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositalari bilan birga olib kiriladigan va ular bilan qaytarib olib chiqish uchun moʻljallangan, yuklarni ortish, tushirish, ularga ishlov berish va ularni himoyalash uskunalari, ulardan transport vositalaridan alohida foydalanish mumkinligi yoki mumkin emasligidan qatʼi nazar, vaqtincha olib kirilgan taqdirda bojxona toʻlovlari toʻlashdan shartli ravishda ozod etilishi lozim. Bojxona hududiga vaqtincha olib kirilgan, transport vositasiga oʻrnatilgan yoki unda foydalanilayotgan qismlarni va uskunalarni almashtirish maqsadida taʼmirlashda yoki texnik xizmat koʻrsatishda foydalanish uchun moʻljallangan uskunalar va ehtiyot qismlar bojxona toʻlovlarini toʻlashdan shartli ravishda ozod etilgan holda vaqtincha olib kirilishi mumkin. Almashtirilgan va bojxona hududidan olib chiqilmagan uskunalar va ehtiyot qismlar erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga yoki ushbu Kodeks qoidalariga rioya etgan holda boshqa bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim.